11-iyul, 2026
Enlawyer va Grandall yuridik firmalari oʻzaro hamkorlik qilish toʻgʻrisida Memorandum imzoladilar.

Enlawyer mamnuniyat bilan Xitoyning yetakchi universal yuridik firmalaridan biri bo‘lgan Grandall yuridik firmasi bilan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolanganligini e’lon qiladi.
1998-yilda tashkil etilgan Grandall firmasi Xitoydagi eng yirik yuridik amaliyotlardan biriga aylangan bo‘lib, 700 dan ortiq hamkorlarni va jami 5 000 dan ziyod mutaxassislarni 39 ta ofisida, jumladan, 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahrida ochilgan ofisida birlashtiradi. Firma korporativ va tijorat huquqi, qo‘shilish va sotib olish, transchegaraviy investitsiyalar, kapital bozorlari, infratuzilma, energetika va nizolarni hal qilish sohalaridagi faoliyati bilan tan olingan hamda Chambers and Partners, The Legal 500 va boshqa xalqaro yuridik reytinglar tomonidan tavsiya etilgan.

Mazkur Memorandum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi huquqiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikning uzoq muddatli asoslarini belgilaydi. Hamkorlik doirasida ikki firma transchegaraviy investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi, O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan Xitoy kompaniyalariga va Xitoy bozoriga kirib borayotgan O‘zbekiston kompaniyalariga maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi hamda har ikkala bozorda yuridik tajriba almashinuviga ko‘maklashadi.

Enlawyer uchun ushbu sheriklik firmaning transchegaraviy amaliyotini rivojlantirishga va ikki davlat yurisdiksiyalarida faoliyat yurituvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatish salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.